Yangiliklar

06/17/2025

Buxgalterimning aybi bilan soliq idorasi menga 1,5 milliard so‘m jarima soldi.

Oldingi kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda ulardan biri bu haqda gapirib, o‘z buxgalteridan shikoyat qildi va hozirda ko‘plab noxush, yetarlicha malakaga ega bo‘lmagan buxgalterlar ko‘payib ketganini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda buxgalterlar soni haqiqatdan ham ko‘paydi, lekin 3-4 oylik kurslarda bilim sifati ustidan hech kim mas’uliyatni zimmasiga olmaydi. Buni o‘z foydasiga ishlatgan o‘quv markazlari reklama roliklari orqali bosh buxgalter lavozimi va $1000 maosh va’da qilib, tinglovchilarni jalb etmoqda. Ular unutishadi: bosh buxgalterdan nafaqat bilim, balki tajriba, sabr, raqamlar bilan ishlash ko‘nikmasi, matematik fikrlash, tahlil va boshqa fazilatlar talab qilinadi. Men shogirdlarimdan birini shu kurslarga yubordim. U bir haftalik o‘qishdan so‘ng, bu yerda o‘qimayman, ishda ko‘proq bilim olaman, deb chiqib ketdi. Ko‘plab o‘quv markazlari “robot” buxgalterlar tayyorlayapti – faqat soliq hisobotlarini topshirishga qodir. Ayrim tadbirkorlar esa aynan shunday buxgalterlarni qidirishmoqda – 50-100 dollarlik xizmat evaziga faqat hisobot topshiradiganlarni.

O‘tgan yili Soliq qo‘mitasi tizimida belgilangan soliq turi joriy qilindi va soliqchilar har oyda buxgalterga ish haqi to‘lamasdan, faqat belgilangan soliqni to‘lang, degan chaqiriqlar bilan murojaat qila boshladi. Bu gaplar yuqori minbarlardan ham yangradi.

Shunday qilib, buxgalterlarga qarshi “ov” boshlandi – ularning obro‘siga putur yetkazish harakati boshlandi. Ulardan biri hatto: “Umuman buxgalter kerakmi o‘zi?” – dedi. Agar u buxgalterdan norozi bo‘lsa, bu hamma buxgalter yomon degani emas. Bu gap bilan u ko‘p yillik tajribaga ega halol buxgalterlarni kamsitadi.

2023 yil oxiriga borib, soliq organlari tomonidan tadbirkorlarga keng ko‘lamli tekshiruvlar boshlandi. Bu yil ham davom etadi, deb o‘ylayman.

Yaqinda yana bir “donishmand” chiqib, KPI asosida ish haqi belgilash mumkin, deb aytdi.

Ular nega aynan buxgalterga yopishdi? Chunki tadbirkor uchun buxgalter eng ishonchli tayanchdir. Faqat buxgalter bor kuchi bilan kompaniyani himoya qilishga harakat qiladi. Qarshisida tayyorlangan mutaxassislar guruhi bo‘ladi. Kuchlar teng bo‘lmasa-da, buxgalter tadbirkorni himoya qilish yo‘liga tushadi va ko‘plab tajribali va aqlli buxgalterlar buni muvaffaqiyatli amalga oshiryapti.

Buxgalterlar uchun yagona o‘qitish standarti, bilimni baholash tizimi yo‘qligi (ilgari mavjud edi, ammo ba’zilar buni bekor qilishga harakat qildi) – buxgalter bilimining me’yoriy bahosini yo‘qqa chiqardi.

Buxgalter kim? “Buxgalteriya — bu biznes tili”, — degan edi Uorren Baffet. Buxgalter biznesni raqamlar orqali boshqaradi. (Afsuski, bugun ko‘pchilik 1C dasturida ishlab, o‘zini cheklab qo‘ygan). Biz faktlarga tayanamiz, motivatsiyalarga emas.

Buxgalterning asosiy vazifasi – biznesni raqamlashtirish. U tashkilot boshqaruvini to‘liq raqamli shaklda olib borishi kerak. 1C, CAP, ERP, ombor hisobi uchun avtomatlashtirilgan dasturlar va boshqa vositalardan foydalanishi lozim. Bundan tashqari, rahbarga aniq ma’lumotlarni taqdim etishi zarur. Masalan: foyda hajmini aniqlash, ortiqcha xarajatlarni kamaytirish, mahsulot narxini aniqlash, kredit olishda foiz yuklamasini hisoblash, savdo davrining tahlilini yuritish, debitor va kreditor qarzdorlikni nazorat qilish, hisob raqamdagi pulni nazorat qilish, soliq imtiyozlaridan foydalanish, kassa tushumini nazorat qilish, jarimalardan himoya qilish va hokazo. Bularni o‘z vaqtida bajarish uchun buxgalter o‘z kasbini sevishi, doimiy bilimini oshirishi, tashkilotning rivojlanishini o‘ylashi kerak. Faqat hisobot topshirish bilan cheklanmasligi lozim.

Ko‘pchilik bu dasturlar bilan ishlay olmaydi yoki ulardan foydalanmaydi. Haqiqiy buxgalterlar ko‘p gapirmaydi – ular raqamlar bilan yashaydi. Men buxgalterman! Kasbimni sevaman! Bu mening hayotim! Men raqamlarsiz yashay olmayman va hech kim kasbim obro‘sini tushirishiga yo‘l qo‘ymayman!

Boshqa yangiliklar