Men buxgalterman!
Nashr qilingan
15.02.2024
O'qish vaqti
3 min
Teglar
Buxgalter
Hisobchimni aybi bilan soliqdan 1,5 mlrd. so'm jarima qilishdi! — o'tgan kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda shu haqida gapirib qoldi, bir tadbirkor, u o'zining buxgalteri salohiyatsiz ekanligini va hozir bunday saviyasiz buxgalterlar ko'payib ketganligi haqida fikr bildirdi.
Men buxgalterman!
Uning tanqidlari menga og'ir botgan bo'lsada, qaysidir manoda u haq. Oxirgi vaqtlarda, haqiqatdan ham buxgalterlar soni hamda buxgalterlik kurslari ko'paydi, lekin, bilimli kadrlar sifatini nazorat qilishni hech kim o'z zimmasiga olmayapti. Ayrim o'quv kurslari “3-4 oyda bosh buxgalter bo'lasiz va 1000 $ oylik olasiz” deb reklamaga urg'u bermoqda. Lekin bosh buxgalterga 3 oylik kursini tamomlashni o'zi yetarli emasligi, bosh buxgalter chuqur iqtisodiy bilim, tajribaga ega bo'lishi, psixologik bosimni yengib o'tish usullarini bilishi, raqamlar bilan ishlash va matematik iqtidori bo'lishi lozimligi haqida indashmayapti.
Men o'z shogirtlarimni buxgalteriya kurslariga malaka oshirish uchun yuborganimda, bir haftadan so'ng, kursda ta'lim sifatiga qanoat qilmay, bilimlarini ish jarayonlarida oshirishni maqul ko'rishmoqda.
O'quv markazlarni ko'pchiligi faqat soliq xisobotlarini topshiradigan robotlarni tayyorlash bilan ovora. Aslida tadbirkorning xam talabi shu 50-100 $ oylik olib, soliqqa xisobot topshirib tursa bo’ldida! Ularning nazlida hisobchi faqat soliqqa hisobot topshirish uchun kerak halos. Keyin, “buxgalterim 1.5 mlrd. so'm jarimaga tushurdi” deb yurishadi.
O'tgan yili soliq tizimida aylanmani qa’tiy soliq tizimi joriy etilib, ommaviy ravishda soliqdan qo'ng'iroqlar kelishni boshladi va «endi siz buxgalterga oylik to'lab o'tirishingiz kerak emas, faqat har oyda soliqlarni o'z vaqtida to'lab tursangiz bo'ldi» deyishdi. Bu katta minbarlarda ham jaranglagandi.
Yana biri «Buxgalter o'zi nimaga kerak?» dedi.
Bundan ko'rinib turibdiki buxgalterlarga qarshi ov boshlandi. Ularni kasb sifatida obro'sizlantirish, misqollab yiqqan obro'yini yo'q qilishga urinishdi.
Lekin yilning oxiriga kelganda ommaviy ravishda tadbirkorlarni tekshirishni boshlashdi va tekshiruvlar salbiy natija ko'rsatganda “yaxshiroq buxgalter yollash kerak edi” degan iddaolarni aytishdi.
Yana endi buxgalteringizga KPI qo'yishingiz mumkin va shu asosida unga oylik berasiz degan targ'ibotlar boshlandi.
Nimaga bular buxgalterlarga yopishib olishdi?
Javob bitta, tadbirkorni oxirgi ishongani albatta buxgalter bo'ladi. U o'zi ishlab turgan tashkilotini himoya qiladi va jarimalardan saqlashga harakat qiladi. Unga qarshi butun boshli bo'lim va maxsus tayyorgarlikdan o'tgan mutaxassilar jamoasi turganda, kuchlar teng bo'lmasada tadbirkorni himoya qilishiga yakka o'zi harakat qilishga to'g'ri keladi. Bilimli va tajribali buxgalterlar tekshiruvlardan muvofaqiyatli o'tishni a'lo darajada uddalamoqda.
Lekin arzimagan xato qilsa yoki biror narsa esdan chiqarsa tadbirkorlar darrov shu buxgalterini oyligini kesish yoki o'rniga boshqa buxgalter topish payiga tushadi.
Shu o'rinda tadbirkorlardan buxgalterlarning kichik xatolariga darhol jazolash yoki o'rniga boshqa hisobchi topishga urinmasdan, muammoni birgalikda hal etishga harakat qilishingizni, buxgalterni tajribasini oshirishga imkoniyat yaratishingizni so'rardik. Har qanday kasb egasi ham xato qilishi mumkinligini unutmaslik kerak.
Buxgalterlarni bilim saviyasini oshiradigan davlat standartariga muvofiq o'qitadigan va ularni bilim darajasini tekshirib boradigan umumiy yagona standart yo'q. Bunda buxgalterlar uyushmasi, Savdosanoat palatasi kabi jamoat tashkilotlari alohida e'tibor qaratishi, buxgalterlar salohiyatini oshirish orqali tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishlari lozim.
Buxgalter o'zi kim? Dunyoning eng boy kishilaridan biri Uorren Baffett “Buxgalteriya — bu biznesning tili” degan e'tirofni eshitgansiz. Xo'sh muvoffaqiyatli biznesmen nega bunday xulosaga kelgan. Buxgalter biznesni raqamlar bilan boshqaradi va biznesni raqamlarda ko'radi. Bu unga xarajat va daromat o'rtasidagi oltin o'rtaliqni raqamlarda ko'rsatib beradi. Shuningdek, maxsulot (xizmat)larning rentabilligi prognozini faqat buxgalter sizga ayta oladi.
Avvalo buxgalter yoki buxgateriyani asosiy vazifasi biznesni raqamlashtirish va bunda turli xil 1C, SAR, ERP kabi yordamchi va skladlarni hisobini olib boradigan avtomotlashtirilgan programmalardan foydalangan holda o'zi ishlayotgan tashkilotni to'liq raqamlar orqali boshqarishda o'zini ko'rsatishi lozim.
Bundan tashqari yig'ilgan ma'lumotlar orqali tashkilot boshqaruvchisiga aniq va to'g'ri qarorlar qabul qilishi uchun tahliliy ma'lumotnoma taqdim qilishi lozim. Masalan zararsizlik nuqtasi va foydani chegarasi, ichki samarasiz xarajatlar ro'yxati, narxlarning kalkulyatsiyasi, maxsulot yoki xizmatini tannarxi, kredit oladigan bo'lsa bu kredit tashkilotga beradigan foiz yuklamalari qanday bo'lishini ko'rsatib beradi.
Shuningdek, debitor va kreditorlar hisobini yurgizishi, debitor qarzlarni undirish yoki to'lovlarni o'z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilishi, kassaviy uzulishlarni oldini olishi,pul oqimlarini to'g'ri boshqarishi, soliqqa va bojxonaga oid imtiyozlardan unumli foydalanishi, kameral soliq tekshiruvlaridan muvoffaqiyatli o'tishga erishishi lozim.
Bundan tashqari kasb etikasiga rioya qilgan holda buxgalter o'ziga ta'luqli masalalarda huquqiy bilimlarini ishga solishi va kadrlar bo'limini boshqarish, xo'jalik mudiri sifatida korxona mol-mulkini saqlash va zarar ko'rmasligi uchun bosh qotirishi lozim.
Buxgalteriya kurslarini tashkil etgan o'quv markazlariga yuqoridagi fikrlarga e'tibor berishlarini so'rab qolgan bo'lar edim. Sababi o'quv markazlarda 1C programma doirasida buxgalteriya o'qitilmoqda va boshqa iqtisodiy bilimlar, Soliq kodeksidan tushunchalar, boshqaruv hisobi fanidan bilimlar berilmayapti.
Natijada, buxgalteriyaning asosiy tushunchalari xabardor bo'lmagan talabalar, 1C programmasini ham to'liq o'zlashtira olishmayapti. Bu bilan ish beruvchilarni qiynab qo'yishmoqda!
Men buxgalterman! O'z kasbimni yaxshi ko'raman! Kasbim, hunarim meni hayotim mazmuni, raqamlarsiz yashayolmayman va bu kasbni obro'sizlantirishlariga toqat qilmayman.